To‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar ham bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘qish uchun belgilangan to‘lovlardan ozod etiladi.
To‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning o‘qishi uchun to‘lovdan ozod etishga mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan berilgan ma’lumotnoma asos bo‘ladi.
Bolalar musiqa va san’at maktablarida o‘quvchilar umumiy sonining 25 foizi doirasida bolalarning quyidagi toifalari to‘lovdan ozod etiladi:
-musiqa va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro (1 - 3-o‘rinlar) va respublika (1-o‘rin) tanlovlarida g‘olib bo‘lgan bolalar - bir kalendar yil mobaynida (g‘olib deb e’lon qilingandan keyingi oydan boshlab 12 oy mobaynida);
-kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan bolalar.
Musiqa va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro (1 - 3-o‘rinlar) va respublika (1-o‘rin) tanlovlarida g‘olib bo‘lgan bolalarni bir kalendar yil mobaynida o‘qitish uchun to‘lovdan ozod etishga ularning tanlovda g‘olib bo‘lganligini tasdiqlovchi hujjati asos bo‘ladi.
Kam ta’minlangan oilalarning bolalarini to‘lovdan ozod etish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi lozim:
a) ota-onalarning arizasi;
b) oilaning kam ta’minlanganligi to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish
organlari tomonidan beriladigan ma’lumotnoma.
Oilaning bir a’zosiga bir oyda to‘g‘ri keladigan jami daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarning bolalari to‘lovdan ozod etiladigan bolalarning ro‘yxatiga birinchi navbatda kiritiladi.
Ro‘yxatga kirmagan kam ta’minlangan oilalarning bolalaridan zaxira shakllantiriladi.
To‘lovdan ozod etiladigan bolalarning ro‘yxati bolalar musiqa va san’at maktabi direktorining buyrug‘i asosida tasdiqlanadi.