Musiqa nazariyasi o‘qituvchisi musiqa nazariyasi va musiqa adabiyoti fanlari bo‘yicha 3-sinf o‘quvchilar o‘rtasida “Erudit” o‘yini o‘tkazdi. Mazkur intellektual o‘yin o‘quvchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, musiqiy tafakkurini rivojlantirish hamda fanlarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida tashkil etildi.
O‘yin davomida ishtirokchilar bir necha bosqichlarda bellashdilar. Savol-javoblar solfedjio faniga oid notalar, intervallar, ladlar, ritmik mashqlar hamda musiqa adabiyotidan mashhur kompozitorlar hayoti va ijodi, musiqa asarlari haqida tuzildi. O‘quvchilar berilgan topshiriqlarni tezkorlik bilan bajarib, o‘z bilim va iqtidorlarini namoyon etdilar.
Tadbir qiziqarli va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. O‘quvchilar jamoalarda ishlash, fikr almashish va bir-birini qo‘llab-quvvatlash orqali o‘zaro hamkorlik ko‘nikmalarini ham mustahkamlashdi. Faol qatnashgan o‘quvchilar rag‘batlantirildi.
“Erudit” o‘yini o‘quvchilarning musiqiy savodxonligini oshirish, ijodiy fikrlashini rivojlantirish hamda dars jarayonini yanada jonlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.